Tamila Sarixonova Oʼzbekiston tarixida boks boʼyicha ilk "Supervayzer"
Tamila Sarixonova Oʼzbekiston tarixida boks boʼyicha IBA xalqaro texnik rasmiy (ITO) va texnik delegati (TD) boʼlgan birinchi ayolga aylandi. Oʼzbek boks maktabi bir necha yillardan buyon jahonda yetakchilardan biri boʼlib kelmoqda.Yurtimizdan ushbu sport turi boʼyicha rasmiylar oz. Oʼzbekiston vakili Tamila Sarixonova mamlakatimiz boksi tarixida birinchi boʼlib "supervayzer" unvonini qoʼlga kiritdi.
Boks boʼyicha supervayzer yoki rasmiy ravishda - Texnik delegat har qanday darajadagi boks musobaqasini oʼtkazishda asosiy shaxs boʼlib, sport musobaqasini tashkil etishning mutlaqo barcha masalalari va yakuniy muhim qarorlar qabul qilinishi uchun javobgar hisoblanadi.
Tamila Sarixonova boks olamiga kirib kelganiga koʼp vaqt boʼlmagan boʼlsada, hamkasblari orasida obroʼ va eʼtirofga sazovor boʼldi. Shu tariqa u Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA)ning navbatdagi kongressida Milliy federatsiyalar bilan ishlash qoʼmitasi raisining oʼrinbosari, Osiyo boks konfederatsiyasida esa xotin-qizlar komissiyasi aʼzosi etib saylandi.
Tamila Sarixonova bugungi kunda IBAda faoliyat yuritayotgan eng yuqori lavozimdagi oʼzbekistonlik mutaxassis hisoblanadi.
ИЗОҲЛАР 0